O‘tgan yil davomida quyidagi ishlarni bajardim.
Kitob o‘qidim
24 ta kitob o‘qishni rejalashtirib, atigi 6 tasini tugatdim. Demak, reja tuzishda ba’zi holatlar hisobga olinishi kerak.
Germaniyaga sayohat qildim
Germaniyaning Frankfurt, Gamburg, Berlin va Drezden shaharlarida bo‘ldim. 5 ta mamlakatga borishni rejalashtirgan edim.
Vazn yo‘qotdim
Fitnes markaziga borishni yo‘lga qo‘ydim va 6 kg (89 → 83 kg) vazn yo‘qotdim.
Blog yuritdim
Mediumda dizayn va qiziqishlarim haqida blog yozishni yo‘lga qo‘ydim va yil davomida 14 ta post yozdim.
Konferensiya va tadbirlarda qatnashdim
Toshkentda bo‘lib o‘tgan Startup Weekend dasturida mentor sifatida ishtirok etdim va qatnashchilarga foydalanuvchi interfeysini yaratish bo‘yicha maslahatlar berdim.
Google I/O Extended 2018 dasturida qatnashchilar bilan tajribalarimni bo‘lishdim.
Byuro maktabida o‘qishni boshladim
Artyom Gorbunov dizayn byurosining Dizaynerlar maktabida o‘qish uchun tayyorlandim va eng yuqori o‘ntalikda o‘qishga qabul qilindim.
Dizaynerlar bilan ishlashni boshladim
Super Dispatch kompaniyasida 2018 yilgacha yagona dizayner sifatida faoliyat olib bordim. Yil oxiriga kelib, uch dizayner bilan ish boshladim va yolg‘iz ishlash va dizaynerlar jamoasi bilan ishlashning orasida katta farq borligini tushunib yetdim.