Dizayn — muammolar yechimi

Baʻzan, dizaynerlar ishlariga tanqidiy fikr bildirib, yaxshi yechim taklif qilganda, ular o‘zlarining qilgan ishlariga yuqori baho berishadi yoki ishlari kreativ ekanligini isbotlashga harakat qilishadi.
Aslida esa, dizayn birinchi navbatda muammoga yaxshi yechim bo‘lishi kerak. Muammoni yechish uchun, eng avvalo u aniqlab olinadi. Buning uchun muammo egasi – mijoz eshitiladi va unga savollar beriladi.

Esingizda tuting, dizayner sifatida sizning vazifangiz muammoni yechish va foydalanuvchilarga o‘zlarining maqsadlariga erishishda yordam berish.
Yana ko‘p hollarda, dizayner ishiga mijoz tarafidan tanqidiy fikr bildirilganda yoki nimanidir o‘zgartirish so‘ralganda, dizaynerlar mijozni dizayn sohasini tushunmaslikda ayblashadi. Bu kabi holatda, eng avvalo, dizayner mijozni yaxshilab tinglab, o‘zgarishlar sababini aniqlashi kerak.

Mijoz yoki foydalanuvchilardan tanqidiy fikr eshitganda, uni to‘g‘ri qabul qiling va hech qachon shoshilgan holda qarama-qarshi fikr bildirmang. Bir oz vaqt sarflab, o‘zingiz qilgan va so‘ralgan o‘zgarish haqida o‘ylab ko‘ring. Lekin bu bilan har bir so‘ralgan o‘zgarishni tasdiqlab, mijozni aytganini qilavering deyishdan yiroqman.
Germaniyalik mashhur dizayner — Kurt Vaydeman (Kurt Weidemann) haqida ko‘p dizaynerlar bilishmaydi. Lekin uning ishlari har birimizga tanish. Kurt Vaydeman birinchilardan bo‘lib kompaniyalar uchun korporativ shrift yaratishni taklif qilgan va u Mersedes-Benz kompaniyasi uchun shrift ishlab chiqqan. Shuningdek Kurt, Porsche komapanyasi logotipi ustida ham ishlagan.

 

Keling, Kurt Vaydeman loyihalar ustida ishlayotganda o‘zining ishiga qanday yondashishini uning o‘zidan eshitamiz:

Men hunarmandman, rassom emas. Men vokzaldagi yuk tashuvchi kabi xizmat ko‘rsataman. Men chetdan turib mijozlarim fikri bilan o‘ylashim kerak. Bu muhim. Men erkin rassom emasman. Menga qo‘yilgan vazifalarni bajarish va men mustaqil biror ish qilishim — bular ikki xil narsalardir.

Lekin o‘zi uchun mustaqil ishlaydiganlar — rassomlardir. Men hech qachon rassomlarday ishlamagan bo‘lardim, chunki, bilmadim… O‘zimni bu bilan boqa oladigan darajada iqtidorli ekanligimga ishonmayman.

Yuqoridagi fikr va iqtiboslar orqali dizayn faqat muammoni yechishi kifoya foydalanuvchilarga estetik zavq bermasligi kerak degan fikrdan yiroqman. Albatta, dizayn did bilan ishlangan bo‘lishi kerak, lekin har bir g‘oya foydalanuvchilar uchun yordam berishi kerak.

Telegram