Kurs: Dizaynerlarni qanday boshqarish kerak

Kostya Gorskiy — Intercom kompaniyasida dizayn menejer, Yandeksning sobiq dizayn direktori. Telegramda Design and Productivity kanalida dizayn va mahsuldorlik boʻyicha tajribalari bilan boʻlishadi. Uning Dizaynerlar jamoasini  qanday boshqarish haqidagi kichik kursini tugatdim. Kursni 2-marta koʻrib chiqdim. Birinchi marta koʻrgnaimda yaxshi eʼtibor bermaganim uchun, 2-safar yangi maʼlumotlarga ega boʻldim.

Kursda quyidagi jarayonlar haqida maʼlumotga ega boʼlish mumkin:

  • Dizayn lider yoki menejer kim va uning javobgarliklari
  • Qanday qilib yaxshi dizayn jamoa tuzish
    • Qaysi darajadagi dizaynerlarni ishga olish
    • Intervyu jarayonlari
    • Dizaynerlarni ishga qabul qilgach, kompaniyadagi jarayonlar bilan tanishtirish (onboarding)
    • 1-1 uchrashuvlar
  • Lider jamoasidagi har bir dizaynerni qoʻllab-quvatlashi
  • Ularning oʻsishida yordam berishi
  • Kompaniya va dizaynerlar oʻz oldilariga qoʻyilgan maqsadlarga erishishlarida yordam berishi
  • Yandeks va Intercom kompaniyalardagi dizayn jarayoni haqida qisqa maʼlumot

Lider kim?

Lider — boshqalarni oʻz yoʻliga ergashtira oladigan kishi. Oddiyroq misol: Institutda dars bekor qilindi va talabalar nima qilishni bilishmaydi. Shunda, ular orasida kimdir kinoga borishni yoki qandaydir kecha tashkil etishni taklif qiladi va bu jarayonni oʻz qoʻliga oladi. Qolgan barcha talabalar unga ergashishadi. Chunki unga ishonishadi. Kompaniyalarda ham shu kabi yoʻnalish ish beradi. Demak, lider boshqalar tomonidan tayinlanishi shart emas, ular oʻzlarining qobiliyatlarini ish jarayonida koʻrsata oladilar.

Yaxshi lider koʻp vaqtini jamoasidagi odamlarga yordam berishga sarflaydi, ularning oʻsishida, oʻzlarining maqsadlariga erishishlarida va vazifalarni a’lo darajada bajarishlariga yordam beradi. 

Dizayn lider boʻlish uchun, yaxshi dizayner boʻlish muhim. Boshqa sohadagi odamlar dizayn lider boʻla olmaydi. Bir sohada lider boʻlish uchun ayni shu sohani mukammal oʻrganib, shu yoʻlni bosib oʻtish shart.

Ikki toifa dizaynerlar boʻladi.

  1. Murakkab dizayn muammolarni yechib faqat ularga fokus qiladiganlar. Bunday odamlar dizayn lider boʻlishlari shart emas. Ular oʻzlarining yoʻllaridan borganlari ma’qul.
  2. Odamlar bilan ishlashni juda yaxshi ko’rishadi va ular buni ich-ichidan his qilishadi. Bu toifadagi dizaynerlar, dizayn liderlik pozitsiyasidan borganlari ma’qul.

Frilanserlar va mahsulot dizaynerining dizayn jarayonidagi farqi

  • Frilanserlar yoki dizayn studiyadagi dizaynerlar har xil sohadagi buyurtmalar ustida ishlaydi va bu qiziq boʻlishi mumkin. Ularning asosiy ishi, buyurtmaga qarab dizayn chizishdan iborat. Ular kamdan-kam holatda mahsulot menejeri bilan gaplashishadi yoki mijozning muammolarini oʻrganishadi.
  • Mahsulot kompaniyalarida yoki startaplarda asosan bitta mahsulot yoki bir yoʻnalishdagi mahsulotlar ustida ishlaniladi. Bunda dastlabki versiyalar chiqarilgach, foydalanuvchilar bilan yaqindan ishlaniladi, analitikadan kerakli maʼlumotlar olib, keyingi iteratsiyalar ustida ishlanadi. Dizayner bu jarayonda mahsulot menejeri, foydalanuvchilar, sotuv boʻlimi (sales), texnik qoʻllab-quvatlash boʻlimi (customer support) va dasturchilar bilan juda yaqinda ishlashadi. Yaʼni bu jarayon faqatgina dizayn chizishdan iborat emas, odamlar bilan muloqot qilish, maʼlumotlar bilan ishlash, foydalanuvchilar bilan intervyular uyushtirish va jamoadagi boshqalar bilan yaqindan ishlash kerak boʻladi. Bu jarayon 1-yoʻnalishga nisbatan ancha farqli. Eng asosiy maqsad — odamlarga yordam berish (faqatgina interfeys chizish emas).

1-1 uchrashuvlar

1-1 uchrashuvlar, lider yoki menejer va xodim oʻrtasida boʻladigan uchrashuv. 1-1 uchrashuvlar haqida batafsil:
Why Every Manager Should Hold 1:1 Meetings, And How To Do Them Well

 

1-1 uchrashuvda har qanday muammolarni muhokama qilish mumkin. 1-1 uchrashuv Super Dispatch madaniyatining muhim qismi boʻlib, har bir kompaniya xodimi va uning menejeri bilan boʻladigan muhim uchrashuvlaridan hisoblanadi. Menejerlar va komanda liderlari kamida 2 haftada bir dasturchi yoki dizaynerlar bilan, 1-1 uchrashuv uyushtirishlari shart.

Kurs davomida 1-1 uchrashuvlar muhimligi, ularni bekor qilish kerak emasligi haqida alohida taʼkidlaydi

Motivatsiya haqida

Odamlarga har xil ishlar motivatsiya beradi. Kimgadir katta muammolarni yechish yoqadi, boshqalar aniq qolipga solingan jarayonlardan borishni xohlashadi. Yana kimdir mustaqil boʻlishni xohlaydi. Lider eng avvalo odamlarga nima motivatsiya berishini aniqlab olishi kerak. Kimlargadir aniq vazifa berib, uni kuzatib borish va vazifa oxiriga yetguncha eʼtiborli boʻlish talab etiladi. Ayrim toifadagi dizaynerlar oʻzlariga kerakli vazifani topib olishadi.

 

Yaxshi lider, ikkala holatda ham odamlarga yordam bera oladi. Kimlargadir aniq yoʻriqnoma kerak va ular mavhum vazifalar ustida ishlashni yoqtirishmaydi. 2-tofidadagi odamlar esa hamma narsani oʻzlari topa oladi. 2-toifa odam lider bilan sherik kabi ishlaydi, uni kontrol qilish kerak emas.

Yaxshi lider, u siz ham ish oʻz yoʻnalishida davom etadigan jamoa, atmosfera va jarayonlarni yarata oladi.

Bitta vazifa ustida alohida-alohida koʻrinishda ishlaydigan jamoalar — odamlar toʻplami xolos. Bir vazifa ustida birga ishlaydigan (tortishuvlar, izlanishlar va bir-biriga yordam berib, bir biri bilan hamkorlikda ishlaydiganlar) jamoa hisoblanadi. Yaxshi jamoalar menejer/lidersiz ham ishni aʼlo darajada bajarishadi.

 

Muvaffaqiyatga erishgan yoki erishayotgan kompaniyalarda dizaynerlar fikri juda muhim hisoblanadi. Ularninr roziligisiz mahsulotlar foydalanuvchilarga chiqarilmaydi.

Dizayner sifatida sizning qanday dizayn chizganingiz muhim emas. Eng muhimi, foydalanuvchilarga qanday yechim yetib borgani.

Xulosa: yaxshi dizayner kompaniyadagi har bir boʻlim (mahsulot menejeri, mijozlarni qoʻllab-quvatlash boʻlimi, sotuv boʻlimi va dasturchilar) bilan juda yaqindan muloqotda boʻladi va shuning natijasida foydalanuvchilar uchun toʻgʻri yechim yetkazib bera oladi.

Yaxshi kompaniyalarda dizaynerlar oʻsishi uchun imkoniyat boʻlishi kerak va lider bunga yordam berishi kerak. Lekin dizaynerlar oʻsishi uchun oʻzlari masʼuldirlar.

Telegram