🏃🏾‍♂️Yugurish boʻyicha tavsiyalar

12 yoshimdan yugurish sport turi bilan doimiy shugʻullanar edim. Nihoyat 5-6 yillik tanaffusdan keyin mashgʻulotlarni yana yoʻlga qoʻydim. Quyida tajribamdan kelib chiqib tavsiyalarni boʻlishaman.

Mashgʻulotlarni qayta boshlash haqida koʻpdan beri oʻylar edim. Lekin har doim qandaydir bahona bilan ortga surardim. Nihoyat COVID-19 va karantin sabab, masofadan ishlashga oʻtdik. Tabiiyki karantin choralari kuchaytirilgach, hamma uyda oʻtiradi, jismoniy harakatlar kamayishi ortidan ish va boshqa kitob oʻqish va yangi narsalarni oʻrganishda samaradorlik pasayib ketadi.

Agar sizda qandaydir kasallik boʻlsa, yugurishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Toʻgʻri yugurish muhim

Tanangizdagi bor vazn oyoqlarga tushadi. Notoʻgʻri yugurish natijasida jarohat olish juda oson. Bundan tashqari birdaniga uzoq masofaga yugurish yoki tez yugurish ham jarohatlarga olib keladi. Boshlanishiga haftasiga 2-3 marta oz-ozdan yugurgan maʻqul.

Mashgʻulotlarni boshlashdan oldin, YouTubeʻda toʻgʻri yugurish boʻyicha videolarni tomosha qilib chiqdim. Quyida baʻzi foydali boʻlgan videolarni keltiraman:

Yugurish uchun kunning vaqti

Boshlanishida erta tongda yugurishni yoʻlga qoʻydim. Sababi, erta tongda mashinalar va odamlar yoʻq, tashqarida havo juda toza va salqin boʻlganiga nafas olish ham yengil kechadi. Vaziyatga qarab baʻzi vaqtda erta tongda, baʻzida esa kechasi yuguraman.

Oyoq kiyim tanlash

Yugurish uchun toʻgʻri oyoq kiyim tanlash ham muhim. Men Adidas va Nike ning original oyoq kiyimlarida yuguraman. Yugurish uchun oyoq kiyim olishda biroz pulni tejamaslikni maslahat beraman. Chunki bizda yoki Xitoyda ishlab chiqarilgan har xil oyoq kiyimlarda yugurib, tez charchab qolish mumkin, sababi ular koʻpincha yugurish uchun moslashmagan. Nike, Adidas, Asics va shu kabi ishlab chiqaruvchilar aynan yugurish uchun moʻljallangan oyoq kiyimlar chiqarishadi.

Yugurishdan oldingi mashqlar

Birdaniga yugurib ketish jarohat olish yoki organizm charchashiga olib kelishi mumkin. Yugurishdan oldin bajariladigan mashqlar bilan tanani yugurishga tayyorlash muhim. Mashqlar boʻyicha yana YouTube videolari yordamga keldi:

Bundan tashqari, Nike Training Club ilovasida yugurishdan oldin qilinadigan mashqlar bor.

Yugurish uchun ilovalar

Boshida 7 ta ilovani sinab koʻrdim. Hozirda asosan Strava va Nike Run Club ishlataman.

  • Strava — yuguradiganlar uchun ijtimoiy tarmoq. Stravada doʻstlar natijalarini koʻrish, ular bilan musobaqalar tashkillashtirish, onlayn marafonlarda qatnashish imkoniyatini beradi. Yana bir afzalligi, joylar boʻyicha segmentlar bor va bu segmentlarda yugurganlar natijalarini koʻrish, ular bilan musobaqa qilish mumkin.

  • Nike Run Club — ilova menga asosan yugurishni boshlashimda yordam berdi. Ilovada yugurishni oʻrgatadigan tayyor qoʻllanmalar bor. Masalan, siz yugurishni endi yoʻlga qoʻygan boʻlsangiz, First Run mashgʻulotidan boshlagan maʻqul. Qoʻllanmada audiogid sizga qanday yugurishni, oʻzingizni chartatib qoʻyishdan tiyilishingizni aytib turadi:

Agar siz ham yugurishni rejalashtirib yugurishga chiqmayotgan boʻlsangiz, buning vaqti keldi.

Telegram