Masofadan ishlash

Koronavirus (COVID-19) tarqalishi ortidan, Apple, Google, Twitter va Amazon kabi yirik kompaniyalar o‘z xodimlari uchun masofadan ishlash dasturini ishlab chiqishdi. Shu paytgacha Basecamp masofadan ishlash tizimini joriy qilgan kompaniyalardan biriligini bilardim.

Masofadan ishlash nima?

Kompaniya xodimlari ish joyidan alohida joyda (ofisidan tashqarida) qiladigan ish. AT sohasida masofadan ishlash tez o‘smoqda. Toptal keltirgan ma’lumotga ko‘ra, 2005 yildan beri masofadan ishlaydiganlar hajmi 140% ga o‘sgan (yakka tartibda ishlaydiganlar bundan mustasno).

Super Dispatch ishchilarga masofadan ishlashga ruxsat bergan va xodimlarimiz o‘zlariga qulay vaqtda, xohlagan joyda ishlashadi. O‘zbekistonda koronvairus aniqlanishidan oldin, 12 mart kuni kompaniyamiz Toshkentdagi xodimlarga masofadan ishlashni tavsiya qildi.

Plyuslari:

  • Ishga borib-kelish uchun vaqt sarflamaysiz.
  • Faqat ishga fokus qilasiz.
  • Xohlagan joyda (tabiat qo‘yni, kafe yoki kovorking markazida) ishlashingiz mumkin.
  • Ish vaqtini siz tanlashingiz mumkin.

Minuslari:

  • Ofisda har kuni birga ishlaydigan xodimlar bilan effektiv kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yishdagi qiyinchiliklar. Chunki ulardan fizik jihatdan uzoqda bo‘lasiz.
  • Ishdan chalg‘ish juda oson.
  • Kam fizik harakat (ishga piyoda boradiganlar, uyda kam xarakat qilishi mumkin).

Tajriba asosida tavsiyalar:

  • Uyda ishlash uchun alohida xona ajrating va xonangizni keraklicha jihozlang (monitor va ish jarayoningizni osonlashtiradigan boshqa jihozlar). Koronavirus ortidan karantin e’lon qilindi, maktab va bog‘chalar ma’lum muddatga yopilgani uchun uyda yosh bolalardan holi ishlash uchun alohida xona muhim.
  • Asosiy ishdan chalg‘imang. Oila a’zolaringizga uyda bo‘lsangiz ham, ishlayotganingizni, oilaviy yumushlarni ish soatlaridan tashqarida qilishingizni aytib qo‘ying. Ish vaqtida ishga aloqasi bo‘lmagan har xil dasturlardagi, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar bildirishnomalarni (Notifications) o‘chirib qo‘ying (menda ular har doim o‘chiq).
  • Kuningizni rejalashtirib oling. Kun davomida bir nechta ishga fokus qilmoqchi bo‘lsangiz, avvaldan qilingan reja yordam beradi.
  • Xodimlar bilan muloqot qilish uchun kerakli dasturlardan foydalaning. Biz dizayn uchun Figma, muloqot uchun Slack va Zoom, barcha ishga oid bilimlarni markazlashtirish uchun Notion dasturidan foydalanamiz.
  • Xodimlar bilan bitta xonada bo‘lmaganingiz uchun ular bilan yaqindan aloqa o‘rnating. Har kuni ertalab, 15 minutlik video qo‘ng‘iroqni yo‘lga qo‘ying va ularga kecha qanday ishlar qilganingizni, bugungi rejalaringizni ayting. Agar o‘z vazifalaringizni bajarishda muammolarga duch kelgan bo‘lsangiz, ularga buni ma’lum qiling va yordam kerak bo‘lsa, yordam so‘rang.
  • Ishga oid mavzularda yozishayotganda matnni qisqa va tushunarli bo‘lishiga e’tibor bering.
  • Masofadan ishlash, chatlashish emas. Xodimlar bilan ishdan tashqari mavzularni ish vaqtida muhokama qilmang.
  • Har soatda 5-10 minutga tanaffus qiling. O‘rningizdan turib biroz yuring yoki yengil mashqlar bajaring.

 

Masofadan ishlish bo‘yicha qo‘shimcha qo‘llanma:
COVID-19 va masofadan ishlash –— Farhodjon Chinberdiyev tavsiyalari

Telegram