Eng yaxshi interfeys — mavjud bo‘lmagan interfeys

Odatda foydalanuvchi interfeysini ishlab chiqishda undagi qadamlarni kamaytirish tavsiya qilinadi. Ba’zi holatlarda esa, interfeyssiz muammoni hal qilish mumkin.
Germaniyaning Berlin shahrida Pergamon muzeyi bor. Muzeyga kiraverishda eksponatlar bilan yaqindan tanishish uchun, muzey xodimlari audiogid qurilmasi ishlatishni tavsiya qilishadi. Qurilma quyidagicha ko‘rinishga ega:

 

Qurilmadan foydalanish uchun, eksponat oldiga borib, uning raqami teriladi va pley tugmasi bosilishi kerak.

222-eksponat haqida ma’lumot olish uchun, 222 raqamini terish va pley tugmasini bosish kerak. Buning uchun quyidagi amallar bajariladi:

  1. Eksponat raqami topiladi
  2. Qurilmadan 2 raqami bosiladi
  3. 2 raqami yana bir marotaba bosiladi
  4. 2 raqami takroran bosiladi
  5. Pley tugmasi bosiladi

Ko‘rib turganimizdek bitta eksponat haqida ma’lumot olish uchun beshta amal bajarish kerak.

Endi esa Germaniyadagi mashhur Reyxstag binosiga boramiz.

Reyxstagda eksponatlar yo‘q hisob (faqat fotografiyalar bor), bino ichida aylanib yurgan holda, mashhur binolarni tomosha qilish mumkin. Har bir bino ko‘rinadigan joyga borishingiz bilan audioqurilma bino tarixi va uning xususiyatlari haqida hikoya qila boshlaydi.

Audioqurilma ora-orada to‘xtab, shahar chiroyidan zavq olishni tavsiya qiladi. Shunday qilib, bino ichra yurishingizga qarab hikoyalar o‘zgarib boradi.

Interfeysda hech qanday ortiqcha qadam yo‘q. Lekin Pergamon muzeyi bilan Reyxstagni solishtirishimiz noto‘g‘riroq bo‘ladi, chunki muzeyda eksponatlar juda ko‘p va siz xohlagan yo‘nalish bo‘yicha ularni tomosha qilishingiz mumkin. Reyxstagda esa, sayyohlar faqat bir yo‘nalishda yurishadi.

Eng asosiysi, vaziyatdan kelib chiqib Reyxstag uchun yaxshi yechim tanlangan.

Telegram