💬 Chat

Chat — ikki va undan ortiq kishi orasida, bir vaqtda qilinadigan muloqot. Suhbatdoshdan zudlik bilan javob olishda, elektron pochtadan ko‘ra chat ishlatgan afzal.

Hozirda muloqot uchun bir nechta messenjerlar (Telegram, Whatsapp, Facebook Messenger va h.k) mavjud. Statista bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yilda oylik foydalanuvchilarning soni bilan hisoblaganda, eng ko‘p foydalanilgan chat dastur Whatsapp ekan. Sobiq sovet ittifoqi davlatlarida Telegram dasturi ko‘p ishlatilishi bilan mashhur.

Chatlashish bo‘yicha maslahatlar

Maqsadingizni qisqa va tushunarli xabar shaklida yuboring

Avval salom berib, suhbatdosh salomingizga alik olishini kutmang. Bu bilan o‘zingiz va suhbatdoshingiz vaqtini yo‘qotasiz. Salom va xabar mazmunini bitta xabarda yuboring.

Yomon
Nigora:
− Salom Bobur!

Bobur:
− Salom Nigora!

Nigora:
− Yaxshimisiz, Bobur?

Bobur:
− Yaxshi rahmat.
− O‘zingiz yaxshimisiz?

Nigora:
− Ertaga soat 11:30 da vaqtingiz bormi?

Bobur:
− Ha, vaqtim bor. Nega so‘rayapsiz?

Nigora:
− Loyihani muhokama qilib, qolgan ishlarni kelishib olaylik, degandim.

Bobur:
− Yaxshi, qayerda uchrashamiz?

Nigora:
− Chaykoffda uchrashsakchi?

Bobur:
− Yaxshi.

Nigora:
− Ertagacha!

Bobur:
− Ko‘rishguncha!

Oddiy uchrashuv belgilash uchun ko‘p ovoragarchilik va vaqt yo‘qotish mumkin.

✅ Yaxshi
Nigora:
− Salom Bobur! Ertaga, soat 11:30 da Chaykoffda uchrashib, loyihani muhokama qilib, keyingi ishlarni rejalashtirib olaylik?

Bobur:
− Salom Nigora! Kelishdik, ertaga ko‘rishguncha.

Bobur aniq maqsad haqida bildi va qisqa shaklda javob berdi. Suhbatdoshlar ortiqcha bordi-keldilarsiz kelishib olishdi.

Xabarni bosh harflardagi matnlar bilan yozmang

Faqat bosh harflarda yozilgan matnlar o‘qish uchun ko‘p energiya talab qiladi va ko‘zlarni tez charchatadi.

❌ Yomon
– SALOM BOBUR! ERTAGA SOAT 11:30 DA ChAYKOFFDA UChRAShIB, LOYIHANI MUHOKAMA QILIB, KEYINGI IShLARNI REJALAShTIRIB OLAYLIK?

Yangi 6zbek alifbosi dan foydalanmang

Hozirgi vaqtda ko‘pchilik lotin alifbosidagi «sh» o‘rniga ingliz alifbosidagi «w», «ch» o‘rniga «4», «oʻ» o‘rniga esa «6» raqamini ishlatadi. Bu uslub savodlilarga xos emas.

❌ Yomon
Salom, yaxwimisiz, biz tin4miz, k64ada yurimmiz.

Qachon javob yozishni suhbatdosh hal qiladi

Xabar yuborilgach, suhbatdosh tezda javob berishini kutmang. Hatto, xabar ko‘rilgan bo‘lsa ham, tezda javob kelishini kutmagan ma’qul. Suhbatdosh band bo‘lishi yoki kayfiyati yomon bo‘lishi mumkin. Agar sizga javob muhim bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qiling.

Savol berish uchun ruxsat so‘ramang

Agar suhbatdosh bilan birga biror loyiha ustida ishlayotgan bo‘lsangiz yoki qandaydir mavzu bo‘yicha suhbatlashayotgan bo‘lsangiz, savol berish uchun ruxsat so‘ramang.

❌ Yomon
– Savol bersam maylimi? yoki
– Menga yordamingiz kerak, yordam bera olasizmi?

Yaxshi
– Vazifaning 3 bandini tushunmadim. Tushuntirib berasizmi?

Spam va foydasiz xabarlarni tarqatmang

30 ta odamga yuborish evaziga boylikka ega bo‘lish yoki hech kimga yubormaslik evaziga o‘lib qolish mumkin mazmunidagi xabarlarni olsangiz, suhbatdoshingizga vaqtingizni zoye ketishiga sabab bo‘ladigan xabarlarni yubormaslikni so‘rang va bu kabi xabarlarni hech kimga yubormang.

Telegram