Har kuni kitob o‘qiymiz

Kitob o‘qish uchun vaqt topa olmayapsizmi? Hozir men siz bilan o‘zimning tajribamni bo‘lishaman. Ha, bu tajribada sinalgan va kitob o‘qishning effektiv usuli.

Birinchi tajriba

Avvallari kitob o‘qish uchun vaqt topishim juda qiyin edi. Aniqrog‘i, vaqt topishni xohlamas edim. Boshlanishiga haftasiga 3 kun, kun ora kitob o‘qish uchun kalendarimdan joy ajratdim. Kitob o‘qiydigan vaqt bo‘lganda, Ayfon yoki Mak ogohlantiradi, lekin men bu vaqtda kitob o‘qish uchun yana vaqt topa olmayman. Sababi juda oddiy, oilaviy yumushlar yoki qattiq charchashni bahona qilaman.

Xullas, haftasiga maksimum ikki marta kitob o‘qishni yo‘lga qo‘ydim. Lekin bundan qoniqmadim va nimanidir o‘zgartirish kerakligini tushunib yetdim.

Ikkinchi tajriba

Har kuni kitob o‘qish uchun vaqt ajratishga va bu vaqtda hech kimga javob bermaslikka qaror qildim va buning uchun uyqudan oldingi vaqtni tanladim, lekin bu ham foyda bermadi. Chunki kun bo‘yi ishlab, kechasi charchagan holatda kitob o‘qish men uchun emasligini tushunib yetdim va ertalabki vaqtni tanladim. Bechora kalendarim, kitob o‘qish uchun ajratilgan vaqtda men uchun kitob o‘qirdi 😁

 

Uchinchi va ijobiy tajriba

Ertalab bo‘ladimi, kechqurunmi vaqt topishim bilan kitob o‘qishni boshlayman. Odatda, ishda va juda ko‘plab vazifalarni bajarish uchun Pomodoro metodidan foydalanaman. Ya’ni 20 minutga taymer qo‘yaman va shu vaqt davomida diqqatimni faqat kitob o‘qishga qarataman.
Albatta, har kuni kamida 20 minut vaqt topish qiyin emas. Faqat xohish bo‘lsa bo‘ldi.
Quyida avvalgi va oxirgi tajribalarni qo‘llab o‘qigan kitoblardagi progressning Goodreads servisidagi ko‘rinishi.

Yuqoridagi jarayonlardan kelib chiqib, kun ora yoki haftasiga ikki bora kitob o‘qigandan ko‘ra, har kuni ozroq bo‘lsa ham davomiy o‘qish foydalili ekanligiga ishonch hosil qildim.
Aynan shu yo‘l bilan har kuni kitob o‘qishingizga kafolat bermayman. Menga mos kelgan uslub boshqalarga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Asosiysi, tajribalar o‘tkazib, o‘zingizni o‘rganing va o‘zingiz uchun qulay vaqtni aniqlab oling.

Bonus

Kitob o‘qish uchun quyidagi servislarni ishlataman:

  • Goodreads — kitoblarni o‘qish uchun kolleksiyaga qo‘shish, do‘stlaringiz qanday kitoblar o‘qishini kuzatish, kitoblarni do‘stlarga tavsiya qilish va boshqa bir qancha imkoniyatlarni beradi.
  • Trello yordamida o‘qiydigan kitoblarim uchun reja tuzaman va o‘qishni boshlashdan oldin har bir bobni Trelloda cheklist qilib olaman.
  • Ayfon va Makda esa Apple Books dasturida kitob mutolaa qilaman.

Telegram